Литературный Клуб Привет, Гость!   ЛикБез, или просто полезные советы - навигация, персоналии, грамотность   Метасообщество Библиотека // Объявления  
Логин:   Пароль:   
— Входить автоматически; — Отключить проверку по IP; — Спрятаться
И осенью хочется жить
Этой бабочке: пьёт торопливо
С хризантемы росу.
Басё
flober   / (без цикла)
Terakka
Bismillohi rahmoniyr rahiym!

1.

Kechqurunlari o’zining yolg’iz sayrlaridan bo’m­bo’sh uyiga qaytib u xassasini burchakka tirardi­da, sayrdan yengillashmagan tugun­tugun oyoqlarini sudraganicha tepa xonaga chiqib ketardi. Suyaklarmi, zinalar og’ir g’irchillar, miyada tegirmon toshlari yancha bilmagan o’sha­o’sha bitta xayol: “Nima bo’lyapti o’zi?” va bu xayolga javob emas, tasalli topish niyatida u bir oshxonaga kirib boqar, ammo choy qaynatishga ham xushi bormay, yana katta xonaga chiqar, u yerda na chiroq yoqishini bilmasdan, na o’tirishga mayl topmay, tepada apil­tapil yuvinar va kiyimini yechmay yotog’iga go’yoki bir damga yotgandek o’zini to’shar ediyu, shu yotganicha yarim mudroq, yarim bedor holatda soatlarni jismi ila kuzatar edi.

2.

Yoshlikda bir narsalarga chalg’iysan ekan kishi, televizor qo’yishing mumkin, radio eshitishing, kitob o’qishing, jilla qursa o’z­o’zingni o’z­o’zing har xil bo’lmag’ur xayollar bilan ovutishing mumkin. Lekin endi bularni eslashga ham mador qolmagandek. Kechalari soat ikkimi­uchda yotog’idan turib u hojatxonaga kirar, hojatxonada o’tirib jumrakdan oqayotgan tomchilarga tikilib qolar yo atrofdan kelayotgan yakkkam­dukkam shovqinlaru unlarni quloqqa olib o’tirardi. Ichimi shu qadar bo’m­bo’sh bo’lib qoldi. Suv chak­chak­chak tomar, ziyrak quloq esa bo’shliqdan, unsizlikdan hamon bir sado kelarmikan degan ilinjda tinch bermay mana shu chakkani har ohangga solardi.

3.

“Keyin tushdi mushkullar” – degani ham yosh yigitning fikri bo’lsa kerak. Keyin jo’n bo’lib qolar ekan hayot. Badaning neni tuysa, miyangda ham shu. Uzun xayollarga nafas yetmay qoladi. chalg’ishlarga, yon­verlarga alanglashga vaqt yo’q. “Uf” tortish jo’nligi.

4.

Bundan roppa­rosa ikki oy muqaddam Maxsumni yerga qo’yishdi. Ikki oy ham chol hayotida ancha­muncha vaqt ekan. Bir umr vaqt. Qarilikning baxtligi bo’lmaydi. Qanday qilib qarilik baxtli bo’lsin?! Umringdan ijirg’anish bo’lmasa, ko’ngil to’lmasligi, qanoatsizlanish bor. Qaysi umr paymonasiga yetibdi?! Maxsum baxtli ketdimi? Oxirgi kuniga qadar qazoyu­qadar haqida gapirib kelgan Maxsum. Lekin ko’zlari baribir bejo edi­ku! Baribir ko’zlari bu dunyoda bir narsani qiymagandek edi, baribir ularda armon bor edi­ya!

5.

Maxsum bilan birga so’nggi salkam besh yilni birga baham ko’rishgan emasmidi bular. Ikkisining bolasi chet elga ko’chib ketgach, bularni bir uyga keltirib qo’yishdi. Quda­andachilik andishasi degan narsa bo’lgich edi, bunisiga ham qarashmadi. Bitta uyni sotib pulini chollarning yeb­ichishga berishdi­da, bitta uyga ikkisini tiqib, o’zlari ishlarining ketidan quvishdi. Avvaliga bularning ikkisi hech chiqisha olmadi. Bu chiqishmovchilik ilgaridan – quda­andachilik bexos boshlanganidan beri bor edi. Marlenning qizi Klara Maxsumning o’g’li Abdumannopni bir to’y­gashtakda tanlab, shunga turmushga chiqaman deb turib olganidan beri oradan sovug’lik ko’tarilmagan edi. “Teng tengi bilan qop tezagi bilan” deganlaridek kommunistning qizi dindorning o’g’liga tegibdi degan gapni ko’tara olarmidi o’shanda Marlen Saidvakkasovich?! Qizini oq qilishga ham tayyor edi, lekin qizi o’shanda kuldi: “Oq qilish degani, papochka, musul?manskiy sarqit obryad emasmi?” – deya.

6.

Avvaliga sudlashmoqchi bo’ldi u. Adolatni qayta o’rnatmoqchi bo’ldi. Lekin kim bilan sudlashsin, o’z qizi bilan emas­ku. Quda tarafi issiq­sovuq qildi desa, yana kommunistik g’oyalarga bid’atlarni suqushtirish degan ig’vo chiqadi. Xotinini “patriarxalniy” qilib so’kdi o’shanda Marlen. Xotini ham partkom bilan qo’rqitmoqchi bo’ldiyu, erining zaif fe’lini bilganligi tufayli, qulluq qilib turib berdi. E, rahmatlik xotin­a! Undan keyingisi bilan uch oy kam to’rt yil yashagan bo’lsa­da, baribir o’gayligicha qoldi. O’gay xotin o’gay ekan­da!

7.

Fikr esa chuvalanib­chuvalanib negadir Maxsumga qaytaveradi. Bir kuni ikkisiga bolalardan meros bo’lib qolgan katalak ikki qavatli kvartiraning nimshabida elboshining gazetadagi suratini qog’ozga kataytirib ko’chirayotgan edi, Maxsum zang qoqmasdan o’z kaliti bilan eshikni ochibdiyu, yumshoq mahsilarida farishta kabi Marlenning tepasiga kelib tikilib turganmish… Marlen Saidvaqqosovich seskanib ketiga qarasa Maxsum ham xijolatomuz: “Masjidga chiqqan edim, biroz hasratlashib qoldik…” – deydi. Javobgarlikka tortibmidi uni o’shanda Marlen: o’z ishi bilan band edi­ku! Jerkib berdi o’shanda Maxsumni. U ham o’z xonasiga chiqib ketdi o’shanda. Yarim kechada ohista pastga tushib taxorat o’shatganini tuydi jahl bilan o’shanda uyqusi qochgan Marlen…

8.

Mana endi bir o’zi qolib ketdi. Jumrakdan suv ham oqib yotibdi chamasi. Uni turib burab qo’yishga na hol, na mayl… Nabiralari endi o’rischasini inglizchaga almashtirib qaerlarda yurishgan ekan… Kattasi onasiga tortibdi. Bir kuni telefon qilishgan edi: “Nima qilyapsan, sinok?” – deb so’rasa – “Papam bizga kitob o’qiyapti…” – “Qanaqa kitob ekan, o’rischami o’zi?” – desa nima deydi deng: “Bilmadim kakoy, lekin bahosi yetti dollar ekan…”

9.

O’zi ilgaridan bu zumrasha anoyi emasdi. Bundan besh­olti yil avval Marlen Saidvaqqosovich hali nafaqaga chiqmagan, tagida davlat berib qo’ygan oppoq GAZ­31, bir kun ertalab qiziga sim qoqsa, to’ng’ich nabirasi go’shakni oldi. “Ee, san nima qilyapsan uyda bu payt, bog’changga chiqmadingmi?” – “Moshina kutyapman”. – “Moshinani nima qilasan, bog’chang bir qadam­ku…” – “Sizning ishingiz ham bir qadam­ku!” – “Lekin bilasanmi, men kimman – partiyniy rukovoditel!” – “Nu i chto? A man partiyniy rukovoditelni navarasi!” – Tilini tishlab qoldi g’udurlaganicha o’shanda Marlen Saidvaqqosovich…

10.

Maxsum esa she’ru fotihani sharrilatib o’qiydigan kichigini ko’proq siylardi. Bolalari ko’chib ketgach ham allavaqtgacha masjiddan nisholdalar ko’tarib keldi. Bu nisholda keyin muzlatg’ichda po’panak bosguncha turaverardi. Bir­ikki koyidi Maxsumni Marlen, u esa ishshayib, nam ko’zlarining qarilik shapog’iga duchor burchaklarini artib qo’yardi…

11.

Qiziq fe’llari bor edi Maxsumning. Goh o’zining xo’jayu sayid ota­buvalarini sanab o’tirar, goh o’shalarning bittasi bo’lgan xolavachchasi Solixon­to’raning atvorlaridan gapirib qolardi. “Anovi kuni to’ram: “Abdumannop­o’g’lingiz yaqin­orada kelib qolarmikan, bir ishim bor edi­ta”, – deb meni oldingizga yuborgan edi, men ham ketgan bo’lib kuni bo’yi chorsudagi choyxonada o’tirib chiqdim­da, kechqurun oldilariga borib: halim­beri kelmas ekan deb qo’ya qoldim. To’g’ri aytibmanmi?” – deb so’rab qolardi. Na soddaligiga kulishingni bilasan, na quvligini hayfsanlashingni…

12.

Ana o’sha xolavachchasi Solixon­to’ra bilan Maxsum Marlenni ham tanishtirgan edi. Devsifat shopmo’ylov bu to’ra o’ngida egilgan ham egilardi, egilmagan ham. “Vey, nimangga gerdayasan o’zing. Hoyyam bilan bir ursam yiqiladigan bo’ying bor ekanu, yana baqrayishinga o’laymi?!” – degan edi o’shanda bozorda tartib o’rnatib yurgan bir melisaga u. Melisa ham yerga tashlangan baliqdek og’zi bilan havoni hovuchlab qoldi.

13.

“Qo’ying, – derdi u Maxsumga qo’l siltab, – gapirmang o’sha millalariyzdi. Mendan kalit olib bo’sh kavatirimda qiz teshib yurishadi bu piyonistalariyz”. Maxsum esa bu so’zlarningmi, qo’dasimi yo endigina olqishlay boshlagan ahli ulamo xijolatida o’z nafasiga tiqilib na gap qaytarolar, na istig’forini so’zlay olardi.

14.

To’la qozon qo’y qaynatib undan siqib chiqargan bir kosa sho’rvasini ichib yuruvchi Solixon­to’ra ham bu dunyoni buti ostida ushlab turolmadi. Tekis yerda qulab, tavba qildim, ne­ne so’zlarni og’zini to’ldirib aytgan tilidan qoldi­qo’ydi. Ikki kundan keyin uning janozasini ham o’qishdi. Bir paytlar ko’z­ko’z qilib bir xonasidan ikkinchisiga kiyib chiqqan yetti zarbof to’niyu otasi zamonidagi bir qo’rboshidan qolgan tulki qalpog’i mayda­chuyda jiyan­piyanlariyu xirapashsha shotirlariga qolib ketdi. Maxsum aytgich edi: o’sha tulki qalpog’ini kiyib Abdumannopga – chet eldan kinochi toping, men po’stinmdi yopinib qo’rboshini o’ynab beray, ovozini bo’lsa Nabijonga aytamiz, o’zi boplaydi, – derdi rahmatli. Mana xalq artisti Nabijonni ham xudo ko’p ko’rdi…

15.

Bu so’zlarni aytgan Maxsumning o’zi qani… Na yolg’iz o’g’li kelaoldi o’sha chet elidan janozasiga, na to’qmoqlik qarindoshlari. Intilgani atigi qirqiga yetib kirdi. Yaxshiyam atrofdagi domlarda uch­to’rtta qariya bor ekan, nomiga bo’lsa ham mahalla qilib tobutini yelkalashdi. Bularni mahalla qilgan ham Maxsumning o’zi edi. Kallai sahardan Marlenni uyg’otib – Chakichmonda osh bor ekan, – deb huzurini buzardi. Keyin ikkisi domma­dom yurib – o’risu­karisning botin qarg’ishu­so’kinchlari orasida boyagi uchta­to’rtta qariyani yig’ishardi­da uzoqdan uzoqqa – boyagi qurg’ur Chakichmonga oqsut saharda yetib borishardi. Endi bularni boshini qovushtiradigan serka ham qolmadi. Axir Marlen bularga rahnamo bo’laolmaydi­ku!

16.

Maxsum bilan o’tkazgan uzoq qish tunlarini eslardi Marlen. Uydagi isitqich batareyalar o’chib, issiq suv kesilgach – oshxonada gazning to’rttala gulxanchasini yoqib qo’yib moviy shabakadagi aksiga boqib o’tirardi u. Nimalarni bahs etishmadi ular. Bir tun gap nimadan chiqdiyu, Marlen o’z otini yoqlab otasi haqida so’zlab ketdi. Otasi urushga ketgach Xar?kov ostonasida bedarak yo’qoladi. Ularga kelgan qoraxatda otasining qahramonona kurashi tavsif etilarkan, o’zi urushdan oqsoq bo’lib qaytgan possovet Ashurmat: “Otang hoynahoy tanklar jangida ommaviy qurbon bo’lgan”, – degan gapni aytadi. Mana shu gap zavqida Suvorov maktabiga topshirilgan Saidvaqqos o’g’li Saidasrorga yangi ot – Marlen oti qo’yildi.

17.

O’shanda Maxsum o’zining ham o’n yetti yoshida qishloq ko’ngillilari orasiga kattaroq qilib qo’shiltirilganligiyu, shofyor bo’lib Leningrad frontiga yuborilganini aytib qoldi. Marlen surishtirib boqsa – “Hayot­mamot yo’li” deb atalgan yo’lda shofyorlik qilib yurgan ekan buni o’zi bilmagan Maxsum. Ikki oy tinimsiz qatnovlarda tinkasi qurigan yigitcha bir tuni rul ustida uxlab qoladi­da, Xudo asrab atigi bir g’ildiragi muz yoqasidagi darzga tushib ketadi. Moshinaga o’n qavat qilib arqonlar bilan bog’lanan yashiklardan bir­ikkitasi ham suvga qulaydi. Rost, moshinani bir amallab shatakka olib qutqarib qolishadi, lekin Maxsumning o’zini xalq dushmaniga chiqarib Sibir qilaman deb turishganda, komandiri aralashib oxir­oqibat shtrafnoy batal?on qilib yuborishadi...
U yog’ini Maxsum negadir gapirmasdi.

18.

Biroq Marlen ham o’z sirini boy bermasdi. Urushdan bir­ikki yil keyin bedarak yo’qoldi degan hamqishloqlardan besh­oltitasi Germaniyadan qaytib keldi, bularning ko’pini NKVD baribir tek qo’ygani yo’q – yigirma besh yilga kesib tashladi. Ammo bular orasida Qosim­qori degan odam ham qaytib kelgan edi, biror kimsa mushugini pisht demadi, aksincha – raybankda revizor bo’lib boshqalarni qiyratib yurdi. Ana o’sha Qosim­qori kunlardan birida Marlenni o’z yoniga chaqirtirib, namozshomda xonasidan tomorqasiga olib chiqdi­da, navnihollarni ko’rsatayotgan bo’lib, yigitning otasi Saidvaqqos tirikligini va legion tarqagach Turkiyaga qochganini shivirladi…

19.

Bu sirning domi necha yillab o’rtadi rayon melisasida ishlay boshlagan Marlenni. Avvaliga fitna deb bildi bu xabarni va hatto o’z himoyasini choralab qo’ydi u, biroq Qosim­qori orada hech gap bo’lmagandek yuraverdi. Shunda Marlen pinhonan Qosim­qorining payiga tushdi. Asta surishtirib boqsa, oblast NKVDsida uning qarindoshi rahbar bo’lib, Markazdan Qosim­qori xususida so’rov kelganida uni o’likka chiqarib javob yozib yuborgan ekan. Shuning ketida yashab yurgan bo’lib chiqdi Turkiston Legionining imomi Qosim­qori. Ammo Marlen ham biror kor qila olmaydi – orada tirik otasining siri bor. Shunday qilib raybank revizori ham nafaqaga chiqib, umrga to’lib bundan biror yigirma yil avval olamdan ko’z yumdi, unga yonma­yon esa pog’onama­pog’ona xizmat pilapoyalaridan ko’tarilib urush qahramoning o’g’li Marlen ham tomorqadagi sir yutgan nihollardek ulg’ayaverdi.

20.

Epkinsiz kechada ko’z bir zumga ilinar, allambalo bosinqirash oralab go’yo Maxsummi yo Qosim­qori o’zining “Villis” moshinasida paydo bo’lib: yuring, anavi yerda bir narsa ko’rdim, jin ekanmi, shaytonmi – bilolmadim, – dermish­da, – e­qo’ying, otayzdan qolgan sarqitlarni aytib yurasizmi, – degan Marlenni moshinalar to’xtaydigan panagohga olib borarmish­da, o’zi moshinadan chiqib: hozir kelaman, – deb g’oyib bo’larmish. Moshinaga tushib turgan chiroq ostida Marlen ham bir o’zi kabinada alanglab: umrim bino bo’lib insu­jins ko’rmagan edim, bular ham og’iz bor deb aytishaverarkanda, – deb uch atrofiga ko’z tikib o’tirarmish. Ochiq havoda bir narsa ko’rinsa ekan. Normal?niy odamga jin ko’rish oson ekanmi? – deb o’zicha Qosim­qorilar bilan g’aybona toritishib o’tirgan bir payt… o’ng yelkasining orqasidan ohista oppoq bir qo’l suzib chiqarmish­da – bu qo’l o’sib chiqqan jismga o’grilib boqishga bu dahshat ichra koshki kuch va yo majol yetsa! – oqqush bo’ynidan yasalgandek bu ilonvash oppoq qo’l ustidagi qamoqnamo naqshga rom bo’lib qolgan Marlen birdaniga qulog’i ostida: chiroqni o’chir… – degan shivirni eshitib jon holatda: Lo iloho illoloh… lo havlu illoho… – deb og’zi qaqrarmish. Qo’l esa uning tomog’i atrofida o’ralmoqchidek o’z suzishiniyu shivirini davom etaverar, u ham ikki qo’li bilan jonsarak bir holda unga yopishib – lo ilohodan ortiq nimani o’qisam ekan?! – deya tipirchilar, esiga esa hatto: Qul a’uzu birabbi nas… ham chalakam­chatti kelib­kelmas, boyagi qo’l­chi hech yengilmasu duo kuchi ila g’oyib bo’lmas emish… Rosa moshina darchasi tomon tortdi o’sha hamirsimon po’kak qo’lni u…

21.

Uyg’onib ketgach ham bu dahshat og’ushidan chiqib keta olmadi, turib betini yuvdi, tushingni suvga ayt ­ degan naqlni eslab – bekor oqib yotgan suv ustida hozirgina bo’lib o’tgan hodisani pala­partish eslab chiqdi, qovjiragan og’zini chayqadi, yurak esa nogohon ­ allaqachon yo’qolgan vahshat ila – qo’rquv ichida qizib ketgan qonini – tarqatib yubormoqchidek – uzoqroq haydar edi…

22.

Bir kun Maxsum bozordanmi, masjiddan qaytib: “Bilasizmi, kelasi yildan anavi kabelniy televizorga obuna arzonlasharmish, shunisiga obuna bo’lib qo’ysakmikan deb edim…” – deydi. – “Ha, inson, televizoringizning o’zi yo’q­ku, obunani nima qilasiz?” – deb so’raganida Marlen, Maxsum yelkasini qisib qo’yib: “Arzonlashganiga qiziqib edim­da”, – deb qo’ya qolgan edi. Kulasanmi, o’lasan kishi…

23.

Lekin so’nggi yillar toza qiynalishdi ikkisi. Onda­sonda u yoki bu chet elga chiqib kelgan kishi orqali bolalari yuz­ikki yuz dollar berib yuborgan kunlarni demasa – qotgan nonu choy shamasiga qolib ketgan kunlari ham bo’ldi. Mayli­ku, bularga shu kabi kunlar yalangoyoq bolalaginiyu och­naxo’r yoshligini eslatgandir, boshqalar qanday chidarkin? Bundan yigirma yillarcha avval Marlen o’sha kunlar so’zi bilan aytganda xizmat otini qamchilab hayot maydonida javlon urib yurgan bir payt kechqurunlari ko’chaga axlat olib chiqib tashlayotgan damlarda qorong’idan za’faron yuzli, unday desa – juda chiroyli bo’lib tuyuladi – aslida yerto’lada kelasi kuzgacha qolib ketgan kartoshkadek ko’karib bitgan bir kampir paydo bo’lardiyu: Bolam, bir ushoq qotgan noning bormi? – deb uning qaytishini ham kutmasdan hozirgina bo’shatilgan axlatda timirskilay boshlardi. “Alkash proklyatiy!” – deb ijirg’anibu jirkanib o’z uyiga qaytar edi Marlen va bu masalani navbatdagi byuroga chiqarishni chamalardi. Ammo kampirning o’zbekligi yo o’zbeknamoligi uni turli zoe o’ylarga tortar: nahotki buning bola­chaqasi bo’lmasa, nima qilib yuribdi tunda, qaerda yotar ekan, – deb ertasiga u ishlar domida tungi hodisani unutar va yana uch­to’rt oydan keyin uning asabini sinamoqchidek bu kampir yana kutilmaganda bargu butoqlar orasidan chiqib kelardi…

24.

Ana o’sha kampirning timirskilovchi qo’li oyda boyagi qo’ldek oppoq va Marlen tomon o’girilgan yuzida negadir qoshlari orasida ilon izidek o’sma emas – lekin qozoqmi, sayramlik ayollar igna bilan terisining ostiga siyoh tomizib umrbod uchta qiyshiq nuqta qo’yganidek edi.
Birisi kuni esa Marlenning o’zi do’xtirdan qaytib kelayotsa uyi orqasidagi axlat qutisining shundoq ostida uchta norinj yotibdi. Uvol bo’ladi­ku, – deb engashganini biladi, biroq engashgach boyagi qutidan shu qadar qo’lansa hid anqidiki – bu yerda nima qilib yurganini bilmay talmovsirabmi, yo sharmandagarchilikdan shu holatda uch yoniga boqdi u. Baribir boyagi uch norinjni uyiga olib keldi­ku, lekin hanuz yeyishga tomog’i ochilganicha yo’q, hanuz uch sariq nuqtadek yotibdi shumshayib ular oyna tokchasida…

25.

“Xudoning yo’lidan adashdik, – deb izohlardi Maxsum. – Ana shuning ko’rguligini ko’rib yotibmiz”, – derdi u. Unga Marlenning xunibiyroni chiqib: “Adashmaganigizda inqilobdan avval nima bo’lib yotuvdingiz, yo ana adashmagan afg’onlar nima bo’lib yotishibdi”, – deb tortishardi. Ko’pincha Maxsum: “Ha, shunchaki aytdim­qo’ydim­da”, – deb ishkallikdan o’zini tortar, lekin bir safar u ham birdan: “Siz o’rnak qilmoqchi bo’lgan G’arbingiz nima bo’lib yotibdi?!” – deya isyonga bosh urganida, tutaqib ketgan Marlen: “Men G’arbni aytayotganim yo’q, o’zimizning avvalgi hayotni aytyapman!” – deyishgacha borgandi. Xuddi o’sha on ikkisining ko’zi bexosdan tokchada turgan elboshi rasmiga tushib jimib qolishgandi...

26.

Marlenning tutaqishganicha ham bor edi. Gap shundaki Maxsumning otasi Kamol­xo’ja o’ttizinchi yillarda rayon melisa boshlig’i bo’lgan edi. Buni Maxsumning o’zi aytmagan esa­da, Marlen tegishli manba’lardan surishtirib – ho’­uv o’sha quda tushish maromida aniqlab olgandi. Keyin ochilib qolar desa, bular ikkisi bir hujrada qolib ketishgach ham yorilmadi Maxsum. Otasi Sho’ro hokimiyatini o’rnataman deb xalq dushmanlari tarafidan zaharlanganiyu, buning ketida kashshof­o’spirin Maxsumboy Qori­pochchasining uyida qolib ketib, urushga haydalgunga dovur uch­to’rt pora Kalomullohdan yod olganini zinhor bildirmas edi.

27.

Unday desa Turkistonni ozod qilaman deb fashist tomonida urishgan otasini eslabdimi Marlenning o’zi. Lekin bunisi ham mayli­ya, bunisini melisada ishlasang ham oshkor etishing qiyin, chunki tanho manba’ning o’z Qosim­qori allaqachon sir ko’targan mirzateraklar ostidagi yerga qorishib yotibdi. Boshqa narsa egovlardi pinhonan Marlen ko’nglini. Hozirgi it yotish – mirza turish hayotdan qanoati. Qanoat ham gapmi – iftixori. Maxsumning oldiga qiroat o’rganman deb kelgan yosh­yalang – gugurt chaqilmasdan chirsillab yonganida – u soatlab bu bo’qi tengi tirranchalar bilan tortishib o’tirar va bugungi hayot afzalliklarini bularga bemisol uqtirmoqchi bo’lardi.

28.

Bularning kimi “munofiq”, kimi “zamonasoz”, kimi “bechora” deb dahlizda bir­biriga shivirlashib choriqlarini ilar­ilmas chiqib ketishar ekan, Marlen Maxsumdan xafa bo’lar: “Bulardi siz uyga ikkinchi qo’ymang! Chto v?? Bularingiz ekstremist­ku, radikal fundamentalist­ku!” – deya chaqa bo’lib qolgan g’azabini qudasiga sochar, qudasi ham xijolat tortib yo bulardan qolgan piyolalarni yuvishga kirishar, yo dahlizni supira boshlardi. Marlen ham qo’lini siltaganicha o’z xonasiga kirib ketar va kechgacha rayon kutubxonasidan o’tgan hafta olib kelgan bir parcha kitobi: “Eslam: pravda i v?m?sl?”ni bularga qarshi hijjalashga kirishardi.

29.

Idish­tovoq yuvishinimi, dahlizu zinalarni supirishini davom ettirgan Maxsum ham rahmatli xolavachchasi Solixon­to’radan bir paytlar qo’qisdan eshitgan gapini eslardi. “Vey, qudayz o’zi dindor oiladan bo’ladi, bolalagida otasi unga Yosindiyam o’rgatgan ekan…” – degan edi bir safar Turkiyadan qaytib kelganida to’ra. Rost, gap tezda uning Turkiyaga ko’tarib borgan o’n kilo toza asaligayu, sakkiz dona xarbiy durbiniga borib taqaldi o’shanda. “O’nashini puliga movi tillo uzukdi oldim,” – deb Solixon­to’ra birovlarning bilagidek barmog’ini ko’z­ko’z qilgan edi.

30.

Qudasidan yuz xotir qilib bularning barini surishtirishga andisha qilgan Maxsum qaydan bilsinki, shu lahza o’z xonasiga qamalib olgan Marlen ham kimni­kimni – Maxsumning onasi Rahima­opa ruhini xotirlab o’tirardi. Buni ham u o’ziing tegishli manba’laridan o’sha ilk davrlarda bilib olgandi. Ular quda tushishganida Maxsumlarning uyida jinnigami, kasalga chiqarilgan bir kampirning qorasi ko’rinib qolardi, lekin birovning ko’zi tushishi bilanoq uni o’sha zahoti Maxsumning xotinimi, yo yana kim ichkari xonalarga tortib ketishardi. Bu ayol o’ttizinchi yillarda o’z melisa erini yerga ko’mib bolasini qishloqda qoldirgach, o’zi shaharga kelib avvaliga tekstil kombinatga ishga kirgan, kechalari FZUlarda o’qib davr ilg’orlariga aylangan. Urush payti esa erkak tanqisligida partiya raxbari bo’lib: “Hamma narsa front uchun, hamma narsa g’alaba uchun!” shiori ostiga xotin­xalajni quvib yurganligini Marlen hujjatlaru guvohlardan bilib olgan edi…

31.

Dunyo ishlari qing’ir ekan. O’zining qishloqda qolgan onasi vaqti­bevaqt otin­oylik qilib yurganini eshitib qolgan Marlen o’sha qaltis yillari hamono uni o’z domiga ko’chirtirib qizi Klara qaramog’iga topshirgan edi. Studentka Klara kampir bilan faqat o’rischa gaplashar, uni uyga olingan oqsochmi, cho’ri sifatida bilib, o’rtog’u dugonalarini kampirni kalaka qilish uchun uyga boshlab yurardi. “Babushka, posmotri – voda na plite sogrelas??” – deb sherklariga ko’zini qisib qo’yardi­da, sodda kampir barmog’ini suvga botiriboq og’ziga solganida – sharaqlab kulib yuborar, o’sal bo’lib qolgan kampir esa barmog’ini qo’lidagi sochiqqa o’rab ko’ksiga bosganicha ko’zlarini miltillatib turardi. “Ты хоть руки мыла?” – deb so’rardi kulgisi tugagach Klara. Bunga bechora kampir azbaroyi gunohkorona holatda – tili qovushmas bir lahjada: “Mulyon ras mila, mulyon ras…” – deb javob berardi. Ana yana qahqaha…

32.

Soat necha bo’ldi ekan?…

33.

Yoshlikda ham o’nta tundan bittasi uyqusiz bo’lib chiqadi. Yo’q, anavi bedor sevgi yo ishrat tunlari emas, ko’rpaga burkanib uxlay olmaydigan tunlaring. Fikr ilgarilari borib­borib yana o’shanga taqalardi. Suvorov maktabida bir naql bo’lgich edi: imtihon oldidan Fomchenkov degan komandir: “Mujiki, pered ekzamenom nado v?spat?sya, poetomu o piz… ni slova!” – derdi, chunki agar demasin­chi – vzvod g’uvvillab – nuqul domod arilardan tashkil topgan uyadek allamahalga dovur tinchimas, boyagi qurg’urni yuz ming maqomga solib, yigirma sakkiz miyaga chotu butlarni tamg’alab holsizlantirmaguncha qo’ymas edi­da! O’sha paytdan meros bo’lib qolganmi, yo erkak zotining turgani shu ekanmi – haligi bedor tunlarning turgan­bitgani shu haqda edi­da…

34.

Mana endi bu sharmanda xayollarga ham quvvat qolmagandek. Lekin vasvasadan qutilib poklikka yetishdik deb o’ylashning o’rniga negadir ko’ngilni shu on ham armon bosadi. Bir zamon Marlen Temirtog’ kurortiga ketganida qizi Klara sim qoqib qoldi. Tinchlikmi? – deb so’rasa – Mana, babka senga bir narsa demoqchi, – deb go’shakni Marlenning onasiga uzatdi. Onasi: “Bolam, aytganingdek do’xtirga chiqqan edim, bir dori aytdi, oti ativi ekan… SHuni yuborvorasanmi?” Temirtog’u Beshtog’ atrofidagi barcha hamkasblarini ishga solgan edi o’shanda Marlen Saidvaqqosovich. Axir “Ativit” degan chet eldan kelgan tanqis dorini topib kelishdiyu, onasi uchun demaganmi – negadir yuzlari qiyshayib berishdi uni. O’sha kunning o’zidayoq dori birinchi samolyot styuardessalari orqali O’zbekistonga yetkazildi.
Marlen uyga yetib borganida qizi: “Mamangga nima yubording o’zi?” – deb so’radi. – “Nima edi?” – desa – “Homiladorlar uchun dori ichib yotibdi”, – deydi­yu piqir­piqir kuladi. Marlen ham do’xtirlardan surishtirib boqsa ular kampirga ATF degan dorini buyurishgan ekan…

35.

Kampir ham o’shanda talaffuzi hisobidan ancha quvvatga kirib oldi. Lekin Maxsumning onasi Rahima­opani eslayotgan edi u hozirgina. Jo’ngina va muhtasham qilib uni “Opa” deb chaqirishar ekan. “Opa” deb kimlarni va nimalar uchun chaqirishmadi. Nimalar uchuni ham ma’lumu, ammo bunisining ko’nglida yozilmas tuguni bor ekanmi, bilganlarning aytishicha qarigani sari boyagi nimalar ustiga yana ichishga mayli kuchayib borgan ekan. Ichib olib na shovqin solar, na janjal ko’tarar, balki aksincha, ishshayib – yoniga kelgan odamni so’laklarini oqizganicha o’pishga kirishar ekan. Ba’zan bu so’laklarga yoshlari ham bulanib bir narsalarni tuturiqsiz javrab­javrab yig’lab olar ham emish…

36.

Maxsumning ham o’sha paytlar onasiga qo’shilib ichib yurganini aytishadi. Kim bilsin… Birining so’zlariga ko’ra u ichib olganida negadir qarindoshlarining eshiklariga borib – ichkariga kirmasdan – tashqaridan bularning barini ota­buvasidan tortib to bola­chaqasiga qadar qavat­qavat, bolaxonador qilib soatlarcha so’kib kelar ekan. Marlen Maxsum haqidagi bu so’zlarga ko’pam ishonmasdi. Yana kim bilsin…

37.

Fikrlar chalg’ib ketyapti… Nega o’zi Maxsumga shunchalik bog’lanib qoldi u? Umri bo’yi hech kimga ishonmasligu, hech kim bilan do’st tutinmaslikni o’rganmaganmidi, umr bo’yi har bir ishni o’z qo’li bilan qilishga ko’nikmaganmidi? Tap tortmasdan Klaraning maktab choriqlarini o’zi yamayverardi, yo xotinining qishki etiklariga poshna qoqib ustidan nag’alini ham o’zi boplab mustahkamlardi. Kezi kelganida Klaraga yangi pianino olingach uni sozlash lozim bo’lib qoldi – o’shanda u: “Birovlarni chaqirib yuramanmi, sen qizim menga notasining to’g’ri yo noto’g’riligini aytib tur, murvatlarini o’zim burayveraman”, – deb ovrupacha kuylari ham maqomlarga mengzab chiqadigan bir pianino yaratib tashlagan emasmidi… Hech kimga ishonmasligiyu hech kimni o’ziga yaqin tutmaganligi esa lavozimdan nafaqaga chiqqan chog’iyoq – o’sha payt tirik bo’lgan xotiniyu qizi mustasno – atrofining yap­yalang bo’lib qolishida aks etmaganmidi yo? Lekin u g’am yemas edi­ku: qaytamga eski g’alvalarni qaytadan boshimga ko’tarib kelishmay tinch qo’yishsa bo’ldi degan xayolda yashab yurmadimi? Nega endi Maxsumni shunchalik qumsayapti u?..

38.

Bolaligida bunaqalarni “yakka mohov” deyishardi.

Kal, kal, omoda kal,
Iski choponini yamodi kal,
Kal boradi poraga,
Ko’tini qo’yar zog’oraga…

Unday desa bir paytlar Marlenning ham ikki do’sti bor edi­ku, biri – armani Vazgen, ikkinchisi – juhud Mosya. Vazgeni – yuz oltmish kiloli avtoslesar?, juhudi esa – ketmon sopidek qotma bichuvchiyu tikuvchi edi. Ketmon sopidek deganda ham – ketmonni sopiga qo’yib qo’yganidek – boshida hamisha dosh qozonning qopqog’idek furajkasi bo’lardi. Marlenning eski “Moskvichi” bo’lgich edi, tiq etdimi – Vazgen o’zi boplardi, kiyim­kechak uchun ma’sul esa Mosya – Marlen tugul xotinu Klarani ham yasatirib­tusantirib – “Krest?yanka”mi “Rabotni?a” jurnallarida neki bularga yoqsa o’shanaqasidan tikib berardi.
Vazgenning bochkalab ichishiniyu Mosyaning tirraqiligini demasa, ulardan zo’r do’st yo’q edi.

39.

Tirraqi bo’lsa bo’libdi­da! Mosya buni berkitmas edi. Aksincha – fahrlanardi. Negaki urush paytida jabhada shu narsasi tutib qoladi­da – urushni tashlab handaqdan o’ttiz metrlarcha chekaga chiqib ichakburg’isini bir yoqlik qilib tursa – boyagi handaqqa to’p o’qi tushadiyu – vzvodidan bironta odam tirik qolmaydi… Mana shu narsa meni qutqarib qolgan, – deb yurardi bechora Mosya.

40.

Vazgenning ichishida ham o’ziga yarasha karomat bordek ekan. Bir zamon bularning uchchovi baliq oviga chiqishganida Vazgen yorilib qoldi. Uning avvalgi o’ris xotini oyog’iga suyuqroq ekanmi, Vazgen allanima narsalarni payqay boshlabdi. Ularnikiga kim ko’p qatnar ekan – Vazgenning bojasi. Goh xotini bilan qaynisinglini ko’rish bahonasida, goh o’zi yana allambalo vajhlar bilan, lekin oyog’i uzilmasmish. Bir kuni Vazgen bularni sinamoqchi bo’libdi. Nima qilibdi – rosa ichiribdi. Orada o’zi ham qolishmabdi. Keyin o’zini uxlaganga solib – tappa qulabdi. Anavilar biroz vaq­vaqlashib o’tirishibdi, keyin shivir­shivirlar, cho’lp­cho’lplar chalina boshlabdi Vazgen qulog’iga. Lekin avjida turib ikkisini gum qilaman, – deb zo’rakasiga yotaveribdi. Shu yotaverganidan – ishonasizmi – chinakamiga uxlab qolibdi. Tursa – yarim kecha, hovlida itlar vovvullab, eshik lang ochiq. Yotoqqa kirsa – xotini dong qotib uxlab yotganmish. Nima qilibdi o’shanda Vazgen – shappa qo’lini xotining andomiga solibdi – jiqqa ho’lmish. “O’ldiraman! – deb oshxonaga pichoq olish uchun tashlangan ekan – mast emasmi – ikki qulab bir dumalagunicha sassiqpopishak xotini ustidan xatlabdiyu, shu bo’yicha hayotidan g’oyib bo’libdi…
“O’ldirsam – hozir qamoqda chirib yotardim!” – der edi har ichganida sho’rlik armani.

41.

Ikkisining ham o’lib ketganiga o’n besh­yigirma yillarcha bo’lib qoldi­yo’v! Maxsum istisno bulardan boshqa do’st ko’rgani yo’q Marlen. Biroq Maxsum ham do’st emas edi­da! Quda ham do’st bo’ladimi?!

42.

Chet elga ketishlaridan uch­to’rt yil avval Klara qo’qqisdan Abdumannopdan ajrashadigan bo’lib qoldi. “Bunaqa lallaygan erning keragi yo’q menga!” – deb qoldi. “Nimaga qo’l urmasa – eplolmaydi landavur! Bunisiyam mayli­kuya, xotinini tuzukkina qoniqtirolmaydigan er ham ermi – xotinchalish hezalakning o’zginasi­ku!” – deb dashnomlar yog’dirdi.
O’shanda Marlen qizi yo kuyovi bilan pachakilashib o’tirmadi, xonasiga qamalib rosa uch soat o’tirib qudasiga bir maktub yozdi. Avvaliga durustroq chiqsin deya, ruschasiga oldi, ammo xat yarimlab qolgach, qudasi o’rischaga no’noqroq ekanligini tushundi­da, endigina qorallaganini – elliginchi yillarda xaridlanganu chang ich­ichiga kirib yetgan “Russko­uzbekskiy slovar?”ni olib – o’ziga ko’pam tanish bo’lmagan yozma o’zbekchaga o’gira boshladi.
“Hurmatli quda! Xatimning birinchi qatorida ruxsat eting izhor etishga o’z hurmatimni. Men hamisha hisoblardimki, bizning munosabat yaxshi qurilgan edi, toki faysalga solingan problemalar barini buzmadi. Menga qorang, men sizga aytib qo’yay, orada muchuchadek… (keyin bu so’zni o’chirib ustidan “muchichadek” – deb yozdi) ikki bola bor. Men qodirman ularni boqib olishga va tarbiya berishga, lekin bu holatda, aytib qo’yay, siz men bilan gaplashasiz…”
Xat o’shanda rosa besh bet chiqdi. Oxiriga borib Marlen uni punktma­punkt, “Slovar?”da aytilishicha banddma­band qilib tashladi, ora­chura og’zaki til namunalaridan ham ilashtirib ketdi, so’ngida esa byuro qarorlariga o’xshash xulosalar bitishni ham unutmadi. Ertasiga erinmasdan o’zi qudasining hovlisiga borib bu xatni eshikdan qorasini ko’rsatgan Rahima­opaga topshirib keldi. So’lagi oqqan bu telba kampirning: “Kiring, quda, otamlashaylik…” – deyishiga ham qaramasdan burildiyu, uyiga qaytdi…

43.

Yoshlar o’zicha yarashib ketishdi. “?ru xotinning urishi – ho’l dokaning qurishi” – deganlaridek. Chet elga ham ahil oila bo’lib chiqib ketishdi. Biroq qudasi o’sha xatni hech qachon eslagani yo’q. Hatto yoshlar chet elga chiqib ketishayotganida tayyorada bir noshud styuardessa uxlab yotgan nabirasining oyog’iga qaynoq demasa issiq suv to’kib yuborgach, bundan xabardor bo’lgan Marlen “Havo yo’llarining” ustidan turli yuqori muassasalarga bet­bet shikoyat yozganida ham avvalgi maktubni Maxsum yuzga solgani yo’q. Qaytaga rasmiy maqomga yo’rg’alab­yo’rg’alab o’tayotgan o’zbek tiliga onda­sonda sayqal berib turgandek ham bo’ldi.
Va aksincha, Marlenning o’zi – ayniqsa endi yolg’iz qolganida – o’sha mash’um xatni tinimsiz eslab, negadir o’zidan o’zi utanar edi…

44.

O’ylab ko’rsa – ko’p narsalar xijolatlantirardi endi Marleni. O’shanda qizi erimdan ajrashaman deb turib olganida – qudasiga maktub bitgani bir gapu, qizini bir tanishi orqali o’t o’chiruvchilikka kirg’izib qo’ymoqchi bo’lganini aytmaysizmi! “Bolalaringni o’zing boqib olasan, qilganing ­ Alyo, nol? bir, eshitaman! – deyish bo’ladi, lekin ofi?erlik unvoni, oyligi ham tegishli, pensiyasini aytmaysanmi…” – deb rosa maqtashga tushgan edi, biroq boshqasiga miyig’ida zaharxanda qilib turgan Klara so’ngisidan chirsillab ketdi: “Pensiya, govorish??! Sam t? na etu govyonnuyu pensiyu mnogo pokupaesh??! – Kilogramm myasa v mesya?!!!” – dediyu, eshikni sharaqlata yopib chiqib ketdi.

45.

Shu yerda yuragi negadir sancha boshladi. Bunisi oshqozon og’riganida ko’krakka tarqaladigan og’riqlardan emas, chinakamiga yurakning og’rig’i edi. Chol qorniga yotib boqdi – o’tmadi. Chalqanchasiga uzaldi, qo’lini ko’ksiga qo’yib uqalagandek bo’ldi – baribir qarigan yurak qizishib, achishtirib og’rir edi. O’zi nafaqaga chiqqan kunidanoq Marlen xotiniyu, bola­chaqasining miyasini qoqib: ?ndi bu yog’iga qarib qoldim, bugun bo’lmasa ertaga o’laman qabilidagi nolishlari ila qo’llariga tutqizgan edi. Keyinchalik Maxsum bilan ikkisi bir go’r bo’lib qolib ketishgach, Marlen: “Qorang, tizzalarim shishib ketdiya… Buyag’iga tayyargarchiligiyzdi ko’rib qo’yavering…” – deya, kun bo’lmasa kunora shikoyatlanganida, qudasi kulib qo’yardi­da: “Siz hali mening azamda shamollab yurmasangiz…” – deb hazillashardi. Mana, hazili ham chin chiqdi.

46.

Lekin yurak tinimsiz og’rirdi. Negadir allaqanday ezgulik – xuddi bu so’z ham ezilishni anglatgandek – xotiraga hijolatomuz hodisalarni to’plar, yurak esa bularning barini kechirib ulgirishga entikkandek achishardi. O’shanda qizi Klara o’t o’chiruvchilikka ko’nmay eshikni sharaqlatib yopib ketganida, Marlen ertasiga o’z kuyovini uyga taklif etgan edi. Miq demaydigan bu yigitni o’ngiga o’tqazib: “Xotiningizga qarasangiz bo’lmaydimi, sal qattiqqo’lroq bo’lish kerak, xotin zotini gah desa qo’lga qo’nadigan qilish lozim, xotin degani qul degani”, – deb rosa javrayotganida, kuyovi ko’zini ko’tarib: “Dada, bu fikrning ham quli bo’lmagan tuzuk!” – desa bo’ladimi. Marlen rostini aytganida o’zining jo’n aqli ila bu so’zlarning ma’nosiga yetgani yo’q­ku, lekin miyasida bir narsa “chiqq” etib, elektr jihozlar tok ortib ketganida chiyillab yuborishganidek u ham stolga mushtumi bilan taqillatib: “Kuyov bola, siz mening jahlimni­chi chiqarmang…” – deganini eslab, endi negadir ezilardi chol.

47.

Chol, chol deb o’ylaysanu kishi, chol deganida ilgarilari soqollari oppoq nuroniy pirlarni aytishardi, endi esa chol degani ham – na yoshining, na boshining tayini yo’q – qirqida qanday bo’lsa oltmishu­etmishida ham xuddi o’shanday – qarimagan, balki eskirgan – inson tugul, shaxslar emasmi. O’zingni chol deyishga ham uyalasan kishi…

48.

Tahorat ushatmasang, namoz o’qimasang, masjidga chiqmasang… Qidirgan haqiqating esa kechalari xonangga qamalib Bi­bi­si va yo “Ozodlik”ni radio to’lqinlarda tutish bo’lsa… Ularning chala­chulpa – o’zingnikiga o’xshagan o’zbekchasidan ham ko’ngling qolib – birini otinchaga, boshqasini mulla mingan eshakka, uchinchisini g’o’ddaygan karnayga o’xshatib – eshittirishning yarmida o’chirib qo’ysang­da, lekin ertasiga yana bir narsadan bexabar qolamanmi deb, yana o’sha­o’sha radio qulog’ini burasang – shumi yetishgan kamoloting?
Lekin Maxsummi kamolotga yetishgani?

49.

U ham soqolini selkillatib – o’sha­o’sha dushman ovozlarini o’z xonasida o’z radiosida tinglab o’tirardi. “Quda, eshitdingizmi, Obidxon­qorining va’zlari hali ham bor ekan­da, yo ilgari yozib olishganmikan?” – “Ha­da, bularning yarmi yuz taroziga solinib, avvaldan tayyorlangan narsalar. Odam shunchalik ham sodda bo’ladimi?! Obid­qori, Obid­qori deysiz – u yigit o’g’lingiz tengi keladiyu, siz uni salla qilib boshingizga ko’tarib yurasiz… Yoshingizga qarasangiz bo’lmaydimi!” – deb koyirdi Marlen qudasini. Qudasi esa: “Aql yoshda emas, boshda deb o’ylagan edim­da” – deb qo’yaqolardi.

50.

Shunda Marlen qizishib ketardi: “Nu chto v?, chyort poberi! Nima keragi bor bunaqa gaplarni… Yoshda­boshda… Armiyada bilasizmi – ded yest? ded! Xayotda ham xuddi shundoq! A to yosh­bosh vsyakiy…” Bu gaplardan Maxsum ham sapchib ketardi­da: “Ha, mana ikkovimiz ham yoshlarimizga qaram bo’lib bir go’r bo’lib yuribmizu!” SHunda Marlen qo’lini siltardi­da, o’z xonasiga kirib ketardi. Ikki­uch kungacha u arazlab Maxsum bilan gaplashmas, keyin mahallada u­bu maraka chiqib qolib – yo’l bo’lishishmi, moshina topishmi – allaqaysi g’alvalar ustida boyagi oldi­qochdi gaplar unutilar va qudalar yana “Bi­bi­si” va yo “Amerika ovozi”da eshitganlaridan hangomalashib ketishardi.

51.

Rostdan ham ilgari chollar boshqacha bo’larkanmi? Qarigach bolaligingni eslashdan uyalsang kerak deb o’ylardi ilgarilari Marlen, lekin hanuz ko’zini yumsayoq orada oltmish­oltmish besh yil to’g’on bo’lib yotmagandek. Endigina bozor oldidagi hovlilariga tog’lardan tushib kelgan qirg’izlar otlarini bog’lashayotganiyu, u – yosh bola – bularni bozorga olib chiqishi. Darvozadan chiqaverishda, soy yoqasida Qosim­taqachi – kimga ketmon payvandlagan, kimning eshagiga taqa qoqqan – ishi avjida, meshlardan o’tlar lov­lov etib purkar, bolg’a esa tinmasdan taqqillar… Lekin endi o’ylab boqsa – qari degan Sotim­taqachi ham boyagi Obid­qorilarning yoshida ekanmi o’shanda.
Taqachidan yuqoriroq – kolxoz qurgan elektr stansiyasi. O’zi soydan tarmoqlangan qirra qirg’oqli kanalcha ham shunga qarab tortilgan. Stan?iyadan chiqqan suv esa yana sharroslab soyga oqib tushaveradi. Soy ko’prigidan o’tsangoq – go’ristondan kelayotgan ko’chaning yonbag’rida – cho’loq Sotim­soatsozning kichkinagina kulbachasi. Qishlog’u atroflarda neki soat bor bo’lsa – barini uning qadoqli qo’llari ko’rib chiqqan.
Chollarni eslayotgan edimi u…

52.

Uyqusizlikdan bosh og’rigich edi, endi bunisi ham yo’qoldi, umuman, osmon ham yorisha boshlagan o’xshaydi – alg’ov­dalg’ovlik ham xush tetikligiga almashib bo’lgandek. Ilgarilari o’ninchi lampa shishani tozalab ichiga puflaganingda bir damga uni hovuringning bug’i bosib keyin yorisha boshlagandek bir gap – ong shishalari yana yorisha boshladi. Undan esa o’tkir bir og’riq bu safar yurakni emas – butun ko’krakni teshib o’tgandek bo’ldi. Maxsum mana shunaqa payt jon taslim etgan edi.

53.

Marlen negadir shu on o’z xotinini esladi. Rahmatli Zakiyaning qiziq bir fe’llari bo’lgich edi. Marlen uni buralab so’kardi, shapaloq tortib yuborishdan ham toymasdi, biroq o’ylab boqsa – hech qachon Zakiyaning izmu­yo’rig’idan chiqmagan ekan. Tomchilardi Zakiya: u yog’dan bir tomchi, boshqa yoqqa o’tib yana bir tomchi, bularni unutdim deganingda tag’in bir tomchi – qarabsanki, miyang allambalo ishlarga pishib yetgan – o’zim qildim deb o’ylaysanu – endi tuzukroq fikr yuritsang – bularning bari Zakiyaning kirdikorlari ekan. Marlenning butun dunyo bilan munosabatlarini o’rgimchak to’ri qilib o’rab tashlagan ekan rahmatli xotin. O’rgimchak to’ri ham gapmi – naqd pilla qilib ajratib qo’ygan ekan dunyodan o’z erini. Shundanmikan Marlenning Maxsumni qumsayotgani?

54.

Badaniga o’ralib qolgan oppoq choyshabdan xalos bo’lishga urinib Marlen boshini yotoq qirrasiga urib oldi. Terlab ketgan ekanmi, yo qonadimi boshi, tonggi nimshabda kaftidagi yanchilgan tomchi chizig’i uning ko’ziga ilinmadi. Butun umr – ertaga aqlliroq bo’laman, ertaga bir narsaga yetishaman deb yashaysan kishi, lekin hayot davom etaversa­da – badan qarir ekanu, uning ichidagi emas – ketidagi ruh esa o’sha­o’sha – ko’z yummasdan uch yoshingda qanday bo’lsa, yetmish uch yoshingda ham xuddi o’shanday qarab turaverar ekan. Nimani kuzatar ekan bu ruh? Kuchanishu chiranishlaringnimi? Yolg’onlaringu ro’yolaringnimi? Gunohlaringu zaifligingnimi? Mana, qo’yningdaman, sen bilan birman, – deydiyu, laqqillatib, aldab yuraveradi. Uch yoshingda xarsang tosh ustida qanday elitgan bo’lsa, yetmish uch yoshingda ham bedorman deb xushingni o’g’irlaydi…

55.

Jiddiylik yo’qolib ketgandek bu hayotdan. Bari – yasama, erish, soxta go’yo. Xumkalla chollarning yuzida tuki yo’q, Maxsumning oldiga kelgan yoshlar esa ketmon soqol qo’yib – yuzini bir parcha qilib yurishibdi. Maxsumning janozasini ham shular boshqarishdi: mahallaga – unday qiling, bunday qiling deb yo’riq berib turishdi. Chol deganlari esa – bir poda bo’lib bir avtobusga kirishdi, bir mozor boshida g’oz qator bo’lib yurishdi, bir – oshga kelib, navbatda turishdi. Dunyo o’qidan chiqib ketdimi?

56.

Anavi kuni poliklinikadan chiqib yonginasidagi – yangi o’zbekchada “Sochtarashxona” deb yozilgan sartaroshxonaga kirganida u yerdagi yosh bola kursiga qo’li bilan taklif etib, keyin: “Nu chto, starik, kak tebya strich? budem!” desa bo’ladimi. “Bolam, o’zbeksmisan?” – deb so’rasa, – “Xe, nimaydi?!” – deydi. Bu qadar odobsizligi uchun so’kay desa – zumrashaning qo’lida ustara, indamay desa – yuragi g’azabdan halqumiga tiqilgan.
Ustaraning boshga birinchi tegishidanoq – qon tirqirab oqib ketgan edi. Hozir ham yotoq qirrasi o’sha yarani pachoqlab yubordimikan?

57.

Hech kimi qolmadi dunyoda Marlenning. Maxsum o’tgach so’qqabosh bo’lib qoldi yana. Tushiga esa bir kuni otasi kiribdi. “Bolam Saidasror, Turkiyaga bir kelmaysanmi? – dermish. – Bu yerning dengiz havosi shunday musaffoki – yuz yil yashasang ham yosharib yuraverasan! Kelsang masjidlaridan nisholda olib kelardim…” Marlen esa o’zining yetmish uch yoshligidanmi, yo yetmish uch yosh bo’laturib yana bolalik holatiga qaytganidanmi, yo bularning bari alg’ov ro’yoligini anglaganidanmi – yig’lamoqchi bo’larmishu, ko’zidan hech yoshi oqmasmish…

58.

Uyg’onib uzoq o’ylab yotdi bu tushini. Otasi tirik ekanmikan hanuz? Uning manzilini bilgan Solixon­to’ra ham o’tib ketdi. Qaerdan topadi uni? Topganida ham qaysi bitiga boradi Turkiyaga? Pulini to’g’irlaganida ham nima deb boradi otasining oldiga? Maxsumning hajga borish armonidan bo’ldi­ku bunisi! Maxsum ham rosa intildi – masjidini to’g’irlaganida – puli bo’lmadi, pulini yig’ib­terib, qarz­parz qilib rostlaganida, masjid uni qora otliqqa chiqarib qo’ydi. Yana qaytardi boyagi ustomon yoshlarga pullarni beiloj Maxsum.

59.

Bolalari chet elga chiqib ketishayotganida bularga qafasda ikkita mitti qushchasini tashlab ketishgan edi. Biri – qizg’ish, biri – sarig’. Bular tor qafasda biri­birini quvlab qolar, tumshuqlarini yirgancha bir­birini qo’rqitar, ayniqsa qizg’ishi sarig’iga kun bermas, qaysi qo’nalg’aga o’tirsa – ketidan pirr etib xuddi o’sha cho’pga qo’nar va sherigini haydar edi. Boshqa payt quvg’inlik joniga tekkan sarig’i patlarini xurpaytirib, tumshug’ini cho’pga qayraganicha qizg’ishga qarshi hamla qilardi va to qornini to’ydirib olmas ekan – qizg’ishini oxurchaga qo’ymasdi.
Onda­sonda ikki chol xonada derazayu eshiklarni tambalab bu ikki qushchani qafasdan chiqarib yuborar, uchishga uquvi yo’q bu ikki qushcha qafasning tashqarisida bir­biriga yopishib har sharpadan xayiqishar, keyin ulkan tuvakdagi karamgullardan biriga qo’nib uning barglari ostida o’zlarini panalashar edi. Ana o’sha yerda ham qizg’ishi votikutilik qilib sarig’ining ketidan qolmas: “Uchmaysanmi!” – deya bechorani xona pardalariga quvlar, o’zi esa yaproqlar orasida pismiqqina o’tirib sherigining tipirchilagan parvozini kuzatardi.
Keyin bularning ikkisi til topishib deraza ortida uchib yurgan ulkan qushlarga qarab o’tirishar va goh­nogoh dumlarini likkilatib allaqaysi osmonlarga intilgandek bo’lishardi. Bularga mahliyo Marlenning esiga qaydan ham bolaligi tushib, bexosdan: “Tog’dagi tashaqqa butini yirib o’tirishar ekan­da!” – deb yuborganiyu, bundan Maxsum: “Astag’furillo!” deya, hiqichoq tutib tinimsiz bir soatcha kulganini aytmaysizmi.
?ndi o’ylasa – o’zlari ham o’sha ikki qushchadek ekan bu dunyoda…

60.

Sayroqi qushlarning bari tishi bo’lar ekan, boyagilarning ikkisi ham erkak edi. Nima bo’ldiyu – bulardan sarig’i bir kun cho’zilib qoldi. O’ziga qaraganida qushcha boshqa ekanu, yotib qolsa – boshqa. Jo’jadek – bo’yniyu oyoqchalari ochilib qoldi bu bechoraning. Ko’zlariga ham parda tortilib zo’r­bazo’r nafas ola emas, bera boshladi u. Maxsum uni kaftiga qo’yib silay boshladi, badanlarini uqaladi, suv berib ko’rdi, lekin bularning birontasi yordam bergani yo’q, kechga borib qushchaning joni uzildi.
Avvaliga qizg’ishi qizishib – o’ziga qolgan qafasda hakalak otib qo’nalg’adan qo’nalg’aga sakrab yurdi, biroq yuragi bir narsani sezdimi, qafasning simlariga qo’nib boshini bir u yoqqa, bir bu yoqqa qayrib har tomondan o’rtog’ini qidirgandek bo’ldi. Odatda soat olti bo’lmasidan xurpayib uxlab qoladigan bu jonivor yarim tungacha tingani yo’q.
?rtalab bular uyg’onishganida u allaqachon qafasga biriktirilgan oxurchadan donlarini sochib tashlagan, jajji paqirchadagi suvni esa ostidagi qumga to’kib bo’lgan edi. Odamlar­ku his­tuyg’ularini berkitisha olarkan, lekin jimjiloqdek bu jonzotning tipirchilab qolishini kuzatish og’ir ekan.

61.

Uzoq yashagani yo’q yolg’izlikda qizg’ishvoy. Bu­ku – tirik bir jon ekan, Marlenning yoshligida qaynotasi o’z qiziyu kuyoviga bir xil soat olib bergan edi – juft bo’lib taqib yuringlar deya. Bir balo bo’ldiyu Zakiya o’z soatini yo’qotib qo’ydi. Yo’qotgan kuniyoq Marlening qo’lidagi soati ham taqqa to’xtadi! SHahar tugul qishloqdagi Sotim­soatgacha ko’rsatib chiqdi – hech kim tuzata olgani yo’q. YUrishi kerak – deyishadiyu, soat koshki bir qadam qo’ysa… Ana qizg’ishvoyni ham ikki chol – qo’ni­qo’shnidan uyalib yarim kechada domning orqasidagi yalanglikning chekasidagi teraklarning tagiga – sarig’ o’rtog’ining yoniga ko’mib kelishdi…

62.

Maxsumni berib qo’yganida Marlen ham o’zini shu qushcha yang’lig’ tuydi. Odamlar o’ngida bildirgani yo’q­ku, ammo bir o’zi qolgach – rosa yig’ladi, ho’ngrab­ho’ngrab yig’ladi, to’kilib­to’kilib yig’ladi. YUraklari ham xuddi boyagi yolg’iz qush kabi talpindi. Hamisha soqchidek ketida kuzatib yurgan boyagi tebranmas ruh esa: “Yo’q, sen Maxsumdan ayrilganingdan emas, o’zing yolg’iz qolganingga yig’layapsan…” – deb turdi. Shuncha ham armon sig’ar ekanmi qushchadek bir yurakka…

63.

………………………………………………………………………………………………………….

64.

Qo’shnilardan birinikida radio qo’yildi. Tong ham otibdi. Yostig’idagi jigarrang qon izlari chalindi Marlen ko’ziga. Maxsum so’nggi oylari qarilik bekorchiligidan bir kitob yozishga kirishgan edi. “Nima to’g’risida?” – deb so’raganida Marlen, – “Tariximiz” – deb qo’ya qolgan edi u. “Da bros?te v?! Siz nima – tarixchimi? Obrazovanieyz yo’q­ku!” – deb pachakilashgan edi o’shanda Marlen. Endi bilsa – ezmalikdan emas, ehtiyojdan kirishgan ekan o’sha ishga Maxsum. Endi bilsa hamma tarixchi bo’larkanu, lekin atrofiyu o’tmishiga qarashdan cho’chirmi, bosh tortar ekan.
Qaerda yotgan ekan Maxsumning qing’ir­qiyshiq yozuvida qoralangan oltmishmi­etmish sahifa? Nimalarni yozgan ekan u?

65.

Kalta­kalta o’ylarga ham nafas yetayotgani yo’q. Ko’kragi siqildi Marlenning. Biram siqildi­ey! Yoshligida Suvorov maktabining tomiga chiqib yolg’izlikda kun botishini kuzatgan edi… Bir kunmas bir kun o’z moshinamda ochiq dalaga chiqamanu butun dunyoda bir o’zim kun botishini kuzataman deb ko’ngliga tugib qo’ygan edi o’shanda… Afsuski, ilojimi, fursati yetmadi…

66.

Yana bir tuni o’tdi bu dunyoda… Nimalarni o’ylayotgan edi o’zi… Alg’ov­dalg’ov fikrlar, manzaralar, odamlar… Turay desa boradigan yeriyu biron­bir kimsasi yo’q. Yo madori qolmadimikan? Bir o’ziga qolib ketmasin ekan odam… Suvorov maktabiga yuborilganida bularning barini bir xonaga kirg’azishdiyu u yerda kim qaysi salla­choponu, po’stinu­choriqda kelgan bo’lishidan qattiy nazar – hammasini yechintirib yagona formaga tiqishdi. O’shanda Saidasror birdaniga o’zini yo’qotib qo’ygan edi: kimman men o’zi, qaysi biriman bulardan – deb tipirchilab qoluvdi. Lekin mo’ru­malahdek, qurtu­qumursqadek aralash­quralash bo’lib yurishning zavqini, baxtini mana endi ilk bor astoydil sezmoqda Marlen. Shundanmikan Maxsumning ham boyagi qalang’i­qasang’i soqollarga o’ralishib qolishi… Qaerda ekan Maxsum undan hargiz so’rab olay desa…

67.

Bugun yakshanba bo’lsa kerak. Kir yuviladigan kun. Uch­to’rt haftadan beri burchakda bir bo’g’cha bo’lib qalashib yotibdi. Tomorqadagi gullari ham qaqrab qolgandir. Necha kun bo’ldi ekan – qaragani yo’q. Bularning ustidan ham doimo Maxsum bilan tortishib yurishardi: “Qo’lingiz bilan butalamang bularni, qaychi, jilla qursa pichoqda kesish kerak. Ana, burchakdagi gulni o’tgan yili kallaklab tashlagan ekansiz, haligacha ham o’ziga kelgani yo’q…” – “Gazetada o’quvdim­da…” – ­ “Gazetada rost gap yozisharkanmi…” – “Ha o’zingiz boshdan oyoq o’qib o’tirasiz­ku…” – “Nu i chto? Malo li nima qilaman… Chyort­te chto!”

68.

O’zi tortishadigan narsaning o’zi yo’q ekan­ku bu dunyoda… ?sizgina hayoti… ?sizgina hayotlar… Bir kuni Maxsumning SHayx Sa’diydan o’qigani esga tushdi: “Xo’tikcha yo’qolgan dumini qidirib ikki qulog’idan ajrab kelibdi…” Bu so’zlarning ketida ham rosa bahslashishgan edi ikkisi. Endi qarasa bu so’zlar ana o’sha bahslarning o’zginasi haqida ekan­ku… Butun adash umrlari haqida ekan…

69.

Yaxshiyamki tirik jon qolgani yo’q uning atrofida. Yaxshiyamki bog’lanadigan rishta tugul, uning – bir paytlar otasimi yo starshinasi etmish: “to’ng’izga o’xshab yotgan” bu holatiga boqadigan nazarning o’zi yo’q. Armonu niyat, qo’rqinchu uyatlarning barini charchoq yengar ekan. Charchadi baridan u, zerikdi. Majolsizlanib xalos bo’ldi… YUrakka qo’shilib bosh ham og’ridi, lekin buning ham qizig’i qolgani yo’q. Ozgina sukut bo’lsa xolos…

70.


71.

Uyqusi elitmoqchimi bemahal… Jadvallangan kunga nima bo’ladi endi…

72.

Ko’zi bir zumga ilinganmishu ­ nim uyqu, nim o’ngida ko’kragi shu qadar siqilganidan chirs etib qovurg’alari sinibdiyu, ko’krak qafasidan xalos bo’lgan qizg’ishgina yurak qushchasi potirlab uchib chiqibdi­da, bu bo’shliqdan hayron qolgan Saidasror ko’zi o’ngida tomorqadagi yalanglik chekasida qizg’ish kunbotishda qad ko’targan terakka borib qo’nibdi… “Bihishtning eshigida bir tup daraxt bor, o’zi zafardek, bargi za’farondek…”
Saidasrorning esini esa bolaligidagi bir ajib hayrat chulg’abdi: Hey, terakda o’tirgan tirik qushcha, sen qancha intilmagin, qancha talpinmagin, baribir xayolimdagi oshyonga kirib borolmaysan, sen – ayri, men – ayri…

73.

Qo’shnilarnikidagi radiodan esa tobora kun qizig’i ila uyg’unlashib borayotgan nag’ma:
Kel ey Mashrab, agar oshiq erursan bo’lmagil g’ofil,
Bu g’aflat uyqusidan ey yoronlar uyg’onib bo’lmas…
©  flober
Объём: 1.219 а.л.    Опубликовано: 23 07 2008    Рейтинг: 10    Просмотров: 3866    Голосов: 0    Раздел: Повести
«Sizga»   Цикл:
(без цикла)
«Moskva daftari»  
  Клубная оценка: Нет оценки
    Доминанта: Закрытое Сообщество Архив (Для складирования и переноса на сайт большого количества произведений. Не публикуйте сюда, если нуждаетесь во внимании.)
Добавить отзыв
flober23-07-2008 14:43 №1
flober
Уснувший
Группа: Passive
MOY ROMAN 2001 GODA!
пролетарий-над-корпусом-психушки23-07-2008 16:46 №2
пролетарий-над-корпусом-психушки
Автор
Группа: Passive
Какой сюжет! Какие образы! Какая оригинальность...Ах, если б я знал узбекский...:)
заноза в голове
Настя Фьють24-07-2008 10:13 №3
Настя Фьють
Автор
Группа: Passive
flober, а ты совсем по-русски не пишешь? может научишь узбекскому?
под шум клавиатурной медитации чадо отдыхает плачем (с) бримм
Инопланетный гость24-07-2008 12:05 №4
Инопланетный гость
Уснувший
Группа: Passive
Думаю, к повести будет интерес если перевести на русский) Узбекским здесь кроме вас никто не владеет, похоже) Не поленитесь.
Удачи
flober06-08-2008 13:12 №5
flober
Уснувший
Группа: Passive
BASAEV, SALAM! DA ORIGINALNOST ZDEC NE GLAVNOE
Добавить отзыв
Логин:
Пароль:

Если Вы не зарегистрированы на сайте, Вы можете оставить анонимный отзыв. Для этого просто оставьте поля, расположенные выше, пустыми и введите число, расположенное ниже:
Код защиты от ботов:   

   
Сейчас на сайте:
 Никого нет
Яндекс цитирования
Обратная связьСсылкиИдея, Сайт © 2004—2014 Алари • Страничка: 0.02 сек / 34 •